Termiz tuman prokurori Yodgor Bozorovning firibgarlik jinoyatlarini oldini olish bo‘yicha aholiga murojaati
2026-10-02 18:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli fuqarolar!
⚡️Bugungi kunda fuqarolarning mol-mulki va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, firibgarlik jinoyatlarining oldini olish hamda bunday jinoyatlarga qarshi kurashish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
📊Tahlillarga ko‘ra, hududimizda firibgarlik jinoyatlari joriy yilning o‘tgan davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobarga oshgan.
⚡️Firibgarlik jinoyatlarining aksariyati fuqarolarning ishonchiga kirish, turli yolg‘on va’dalar berish, aldash yoki mavjud holatni ataylab noto‘g‘ri talqin qilish orqali o‘zganing pul mablag‘lari yoki mol-mulkini qo‘lga kiritish bilan bog‘liq.
Ayrim hollarda fuqarolarga ishga joylashtirib qo‘yish, uy-joy yoki avtomobil olib berish, turli masalalarni tanish-bilishlari orqali hal qilib berish, qarz mablag‘larini qaytarib berish kabi va’dalar berilib, ulardan pul mablag‘lari olinmoqda.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni hushyor va ogoh bo‘lishga, begona shaxslarning asossiz va’dalariga ishonmaslikka chaqiramiz.
O‘zaro pul yoki mol-mulk bilan bog‘liq munosabatlarda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, pul mablag‘larini berishda huquqiy asoslarning mavjudligiga ishonch hosil qilish hamda shubhali takliflarga aldanmaslik lozim.
Ayniqsa, katta miqdordagi pul mablag‘larini begona shaxslarga ishonib topshirishdan oldin ushbu shaxsning va’dalari va ma’lumotlarini tegishli tartibda tekshirish zarur.
Hurmatli fuqarolar!
🔔Firibgarlik jinoyatining oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir fuqaroning ham vazifasidir. Sizning hushyorligingiz va qonuniylikka rioya qilishingiz ko‘plab jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
📞Agar siz firibgarlik holatiga duch kelgan bo‘lsangiz yoki kimdir sizni aldash yo‘li bilan pul yoki mol-mulkingizni egallashga urinayotganidan xabar topsangiz, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
🫥Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, firibgarlik jinoyatlarining oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
