“Firibgarlikning oxiri sudning qora kursisidir”
2026-09-25 14:55:00 / Yangiliklar

Fuqaro J.J. tanishi G.R.ga tegishli “Kobalt” rusumli avtomashinani kelgusida avtokreditini davom ettirib to‘lash maqsadida oladi, ammo biror bir tayin ishi va daromad manbai bo‘lmagan J.J. avtomashinaning kredit to‘lovlarini to‘lay olmaydi.
Shundan so‘ng, u bu vaziyatdan chiqish uchun avtomashinani egasiga qaytarib, kelishuvni bekor qilish o‘rniga ushbu holatdan foydalanib mo‘may pul ishlab olishni ko‘zlaydi.
Bu orada tanishi Q.Jning avtomashina sotib olish niyatida yurganligini eshitib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan, aslida kredit to‘lovlarini to‘lab davom ettirish haqidagi kelishuvi bilan olgan “Kobaltь” rusumli avtomashinani Q.J.ga “hech qanday muammosi yo‘qligini” aytib, avtomashinaning kredit to‘lovlari borligini yashirib, uni aldab, avtomashinani 90.000.000 so‘mga sotishga kelishib, Q.Jning shu miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib Q.J. avtomashinaning kredit to‘lovlari borligini, o‘zi esa aldanganligini biladi va bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi.
Qonun ustuvorligi ta’minlanib, sud hukmiga ko‘ra, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi inobatga olinib, sudlanuvchi J.Jga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
