TERMIZ TUMANI PROKURORI YODGOR BOZOROVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-08-27 10:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar!
Bugungi kunda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda tinchlik va xavfsiz muhitni ta’minlash eng muhim vazifalardan biridir.
Ayniqsa, axborot texnologiyalari jadal rivojlanib, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va elektron to‘lov xizmatlari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bir paytda kiberjinoyatchilik va internet firibgarligidan ogoh bo‘lish har qachongidan ham muhim.
Afsuski, ayrim shaxslar zamonaviy texnologiyalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, fuqarolarning ishonchiga kirish, shaxsiy ma’lumotlari va bank kartalaridagi mablag‘larini qo‘lga kiritishga urinmoqda.
Firibgarlar o‘zlarini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki turli tashkilotlar mas’uli sifatida tanishtirib, “kartangiz bloklanadi”, “hisobingizdan shubhali operatsiya amalga oshirildi”, “siz yutuq sohibi bo‘ldingiz” kabi bahonalar bilan fuqarolarni shoshirishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, Telegram, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda soxta ish takliflari, arzon mahsulotlar, yutuqlar, investitsiya va “tez daromad” va’dalari orqali ham fuqarolarni aldash holatlari uchramoqda.
Shu sababli barchangizni hushyor va ehtiyotkor bo‘lishga chaqiraman.
Bank kartangiz raqami, PIN-kod, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodi, parol va boshqa maxfiy ma’lumotlarni hech qachon begona shaxslarga bermang.
Noma’lum havolalarni ochmang, shubhali ilovalarni yuklamang. Internet orqali pul o‘tkazish yoki xarid qilishdan oldin ma’lumotlarni tekshiring. Telefon orqali sizni shoshirayotgan yoki qo‘rqitayotgan shaxsga ishonmasdan, avvalo uning ma’lumotlarini mustaqil ravishda aniqlang.
Ayniqsa, yoshi katta fuqarolarimiz va yoshlarni bunday xavflardan ogohlantirib borishimiz zarur. Chunki birgina ehtiyotsiz harakat yillar davomida yig‘ilgan mablag‘dan ayrilishga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar firibgarlik holatiga duch kelsangiz yoki shubhali vaziyatni kuzatsangiz, bundan uyalib yoki qo‘rqib yurmasdan, darhol tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling. Vaqtni boy bermaslik muhim.
Hurmatli tumandoshlar!
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu borada mahalla, oila, ta’lim muassasalari, jamoatchilik va har bir fuqaroning hushyorligi va faol fuqarolik pozitsiyasi muhim ahamiyatga ega.
Unutmang: firibgarlar sizning ishonchingizdan foydalanadi, hushyorlik esa sizning eng kuchli himoyangizdir.
Keling, o‘zimizni, oilamizni va yaqinlarimizni kiberjinoyatchilikdan asraylik. Internetdan foydalanishda mas’uliyatli bo‘laylik, shubhali holatlarga befarq qaramaylik va qonunbuzarlik haqida o‘z vaqtida xabar beraylik.
Hushyorlik — xavfsizlik garovi!
Qonunga hurmat — tinch va farovon hayot asosi!
Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan xavfsiz jamiyatni barpo etamiz!
Termiz tumani prokurori
Yodgor Bozorov
