Termiz tumanida Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-07-15 13:25:00 / Yangiliklar

Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov rahbarligida Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimligi apparati xodimlarining davlat fuqarolik xizmatchilari uchun belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya etishi, xizmat faoliyatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda davlat xizmatchisi sha’ni va obro‘siga putur yetkazuvchi holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida davlat fuqarolik xizmati tizimida xizmat odobi va axloqiy me’yorlarga qat’iy amal qilish, fuqarolar bilan muloqotda muomala madaniyatini yuksaltirish, murojaatlar bilan ishlashda qonuniylik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga rioya etish, shuningdek, xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Tuman hokimi Shuxrat Qalandarov davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati nafaqat uning shaxsiy mas’uliyati, balki davlat organining jamoatchilik oldidagi obro‘-e’tiborini ham belgilab berishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan har bir xodimdan qonunchilik talablariga, xizmat intizomi va odob-axloq qoidalariga so‘zsiz amal qilish, fuqarolar bilan ochiq va hurmat asosida munosabat o‘rnatish, xizmat vazifalarini vijdonan bajarish talab etilishi qayd etildi.
Yig‘ilishda xizmat intizomini buzish, xizmatchi odobiga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yish va davlat xizmatchisi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish yuzasidan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Muhokama yakunida Odob-axloq komissiyasi tomonidan tegishli xulosalar qabul qilinib, davlat fuqarolik xizmatida yuksak ma’naviy-axloqiy mezonlarga rioya etilishini ta’minlash, xizmat intizomini yanada mustahkamlash hamda bu boradagi nazoratni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.





