Termiz tumani prokurori Yodgor Bozorovning murojaati
2026-06-30 13:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar!
Bugungi kunda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda jamiyatda xavfsiz muhitni ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishda har bir fuqaroning hushyorligi va faol fuqarolik pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib, internet va elektron xizmatlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Onlayn to‘lovlar, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va masofaviy xizmatlar aholiga katta qulaylik yaratmoqda. Biroq ushbu imkoniyatlardan ayrim shaxslar g‘arazli maqsadlarda foydalanib, kiberjinoyatlar va internet firibgarligi bilan shug‘ullanayotganligi ham sir emas.
Afsuski, fuqarolarning bank kartalari ma’lumotlari, maxfiy kodlari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali pul mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari uchramoqda. Firibgarlar o‘zlarini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki turli tashkilotlar mas’ullari sifatida tanishtirib, ishonchga kirishga urinadi. Ba’zan esa ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali yuborilgan soxta havolalar yordamida fuqarolarning ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
Shu munosabat bilan barchangizni internet tarmog‘idan foydalanishda ehtiyotkor va ogoh bo‘lishga chaqiraman. Hech qachon bank kartangiz raqami, amal qilish muddati, PIN-kodi, SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodlari hamda parollaringizni begona shaxslarga bermang. Noma’lum manbalardan kelgan havolalarni ochmang, shubhali ilovalarni telefoningizga yuklamang hamda har qanday moliyaviy operatsiyani amalga oshirishdan avval uning ishonchliligiga ishonch hosil qiling.
Mahallalarimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda davlat organlari bilan bir qatorda jamoatchilikning ham o‘rni beqiyosdir. Firibgarlik holatlariga duch kelsangiz yoki shubhali vaziyatlarni kuzatsangiz, bu haqda darhol tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering.
Aziz tumandoshlar! Har birimizning hushyorligimiz, qonunlarga hurmatimiz va mas’uliyatimiz xavfsiz jamiyat barpo etishning muhim omilidir. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan kiberjinoyatchilik va boshqa turdagi huquqbuzarliklarning oldini olib, farzandlarimiz va kelajak avlod uchun yanada xavfsiz va barqaror muhit yaratamiz.
