Murojaatda natija, muammoda yechim — ustuvor vazifa
2026-06-23 13:30:00 / Yangiliklar

Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov tomonidan joriy yil 23-iyun kuni Xalq qabulxonasida fuqarolar uchun navbatdagi qabul o‘tkazildi. Qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Dilbar Suvanova ham ishtirok etib, aholini qiynayotgan masalalarni o‘rganish va ularning yechimini ta’minlash yuzasidan murojaatlarni tingladi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabul davomida 25 nafar fuqaroning 30 dan ortiq murojaati ko‘rib chiqildi. Ularda uy-joy, kommunal xizmatlar, bandlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash hamda boshqa hayotiy muhim masalalar yuzasidan taklif va murojaatlar bildirildi.
Qabul jarayonida har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, mas’ul tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Ayrim masalalar yuzasidan joyida ijobiy qarorlar qabul qilinib, fuqarolarning muammolari hal etildi. Shuningdek, qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Qo‘shimcha o‘rganish, vaqt va resurs talab etadigan murojaatlar bo‘yicha esa tegishli tashkilot rahbarlari va mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha muddatlar belgilanib, nazoratga olindi.
Ta’kidlanganidek, aholi murojaatlari bilan ishlash davlat organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topish orqali xalq roziligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday qabullar aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, hududlarda mavjud muammolarni tizimli hal etish hamda davlat organlarining xalq oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.








