Termiz tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Choriyevning kiberjinoyat qurboni bo‘lib qolmaslik yuzasidan aholiga MUROJAATI
2026-06-02 15:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgani bilan birga, internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan jinoyatlar, xususan, kiberfiribgarlik holatlari ham ko‘payib bormoqda. Afsuski, tumanimizda ham fuqarolarning ishonchidan foydalanib, turli yolg‘on xabarlar, soxta saytlar va qalbaki qo‘ng‘iroqlar orqali pul mablag‘larini qo‘lga kiritishga urinish holatlari kuzatilmoqda.
Ayniqsa, noma’lum raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki yaqin qarindosh sifatida tanishtirib, fuqarolarning bank kartasi ma’lumotlarini so‘rab olish, ijtimoiy tarmoqlar orqali arzon tovar yoki investitsiya va’da qilib aldov yo‘li bilan pul undirish kabi usullar keng tarqalgan.
Shu munosabat bilan, barcha fuqarolardan quyidagilarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz:
Hech qachon bank kartasi raqami, PIN-kod, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini boshqa shaxslarga bermang;
Noma’lum havolalar (linklar) orqali kirib, shaxsiy ma’lumotlarni kiritmang;
Internet orqali savdo yoki investitsiya qilishda faqat ishonchli, rasmiy manbalardan foydalaning;
O‘zini davlat yoki bank xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ishonib ketmang, ma’lumotlarni tekshiring;
Shubhali holatlarga duch kelganda darhol tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiling.
Unutmang, firibgarlikning asosiy qurboni – beparvolik va ishonuvchanlikdir. Har bir fuqaro o‘zining va yaqinlarining mol-mulki hamda shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligiga mas’ul ekanligini anglab yetishi lozim.
Termiz tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan kiberxavfsizlikni ta’minlash, firibgarlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha doimiy profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Biroq bu borada aholining ongli munosabati va hamkorligi eng muhim omil hisoblanadi.
Hurmatli fuqarolar!
Ogoh bo‘ling, axborot madaniyatingizni oshiring, o‘zingizni va yaqinlaringizni firibgarlardan asrang!
