Termiz tumani prokurori Yodgor Bozorovning o‘g‘irlik jinoyatini oldini olish yuzasidan aholiga MUROJAATI
2026-06-02 14:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Barchamizga ma’lumki, so‘nggi vaqtda tumanimiz miqyosida o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshgan.
Shuni qayd etish joizki, ushbu jinoyatlarning aksariyati qarovsiz qoramol va uy-joyga kirib sodir etilgan o‘g‘irlikdir.
Tuman miqyosida Prezidentimizning PQ-1 sonli qarorlari ijrosi bo‘yicha jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, har bir fuqaro o‘z mol-mulkini asrab-avaylamasa, uy-joyi va mulklarini qarovsiz qoldirsa, o‘g‘irlik sodir bo‘lgach huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatni fosh etish va yetkazilgan zararni undirilishi ishlari samarasi past bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan, Sizlarni quyidagi xavfsizlik choralariga amal qilishga chaqiramiz:
– Uy-joyingizni qarovsiz qoldirmang;
– Ko‘chada va jamoat joyida shaxsiy mulkingizni (qoramolingizni) nazoratsiz qoldirmang;
– Qimmatbaho buyumlar hamda pul mablag‘larini ishonchli joylarda saqlang;
– Xonadon va noturar obyektlarga videokuzatuv vositalari va signalizatsiya o‘rnating;
– Agar shubhali shaxslar yoki holatlarni aniqlasangiz, zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Eslatib o‘tamiz, har bir fuqaroning ogohligi va faolligi jamiyat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Hurmatli yurtdoshlar!
Mol-mulkingizni asrash, o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligini ta’minlash demakdir. Befarq bo‘lmang, o‘g‘irlik jinoyatini birgalikda oldini olaylik!
