Korrupsiyaga qarshi kurashish — har birimizning burchimiz
2026-05-15 14:30:00 / Yangiliklar

Termiz tumani hokimligi apparati xodimlari ishtirokida "Korrupsiyaga qarshi kurashish — har birimizning burchimiz" mavzusida profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sattor Jumayev ishtirok etib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida davlat xizmatchilari o‘z faoliyatini qonunchilik talablari asosida, halollik va mas’uliyat tamoyillariga tayangan holda olib borishi muhim ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish, turli korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Tuman hokimligi xodimlariga korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, xizmat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga adolatli va qonuniy yondashish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, har bir davlat xizmatchisi xalq ishonchini oqlash, fuqarolarga sidqidildan xizmat qilish va o‘z vazifasini vijdonan bajarishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki har bir rahbar va xodimning shaxsiy mas’uliyati ekani, bu illatga qarshi jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishi aytildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaning oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va davlat xizmatida poklik hamda adolat tamoyillarini mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.



