Zamonaviy sharoitlarda psixofaol moddalarning savdosi sxemasi
2026-04-17 17:50:00 / Yangiliklar

Axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan birgalikda jinoyatlarni amalga oshirish usul va vositalari ham zamonga moslashib, yangi bosqichga o‘tib bormoqda. So‘nggi vaqtlarda psixofaol moddalarni Internet tarmoqlari orqali reklama qilish hamda “savdosi”ni yo‘lga qo‘yish avj olmoqda. “Instagram”, “Telegramm” va boshqa messenjerlarda ochilgan kanallarning har birida o‘rtacha ikki mingdan o‘n minggacha obunachilar mavjud bo‘lib, ular uzluksiz ravishda psixofaol moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Mazkur kanal va guruhlarda an’anaviy va sintetik giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, ularning narxlari, to‘lov usullari va rekvizitlari hamda sotish mexanizmlari to‘g‘risida barcha ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Bunda iste’molchi “tovar” (zakladka) uchun oldindan to‘lovni amalga oshirishi talab qilinadi. To‘lovlar asosan Bitcoin, Litecoin, Ethereum kriptovalyutalarida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, psixofaol moddalarni suiiste’mol qiluvchi shaxslar tomonidan fikr-mulohazalar uchun ham alohida kanallar tashkil qilingan. Bunday kanallarda iste’molchilarning tovar sifati to‘g‘risidagi fikrlari joylashtirib boriladi va boshqa masalalar muhokama etiladi.
Ayrim yirik sotuvchilar o‘zlarining brend nomlarini shakllantirib, ijtimoiy tarmoqlarda kanal va guruhlarni ochib, reklama tizimini ham keng yo‘lga qo‘ygan (qonunchilikda psixofaol moddalar reklamasiga javobgarlik belgilangan).
Og‘ufurushlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qo‘liga tushmaslik uchun bir qancha “maxfiylik” choralarini kuchaytirishga harakat qilib kelishmoqda. Iyerarxiyaning eng yuqorisida “tashkilotchi” turadi. U giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini topish va respublika hududiga olib kirish hamda sotuvchilarga taqsimlash bilan shug‘ullanadi.
So‘nggi vaqtlarda mamlakatimiz hududida noqonuniy narkolaboratoriyalar faoliyati ham kuzatilmoqda.
Tashkilotchi psixofaol moddalarni ma’lum qismlarga ajratib, operatorlarga (mijozlar bilan ishlovchi shaxs) yoki psixofaol moddalarni taqsimlovchi shaxslarga (skladmen) taqsimlaydi. Ular odatda psixofaol moddani 0,25 grammdan 5 grammgacha miqdorda bo‘lib qadoqlaydi. Qadoqlash uchun odatda skotch, izolenta, paketchalardan foydalanadi. Bu o‘rinda operator asosiy bog‘lovchi vazifasini bajaradi. Operator Internet orqali psixofaol moddani tashuvchi shaxslarni (zakladchik) va ularni iste’mol qiluvchi shaxslarni topadi va faoliyatini nazorat qilib boradi.
Psixofaol moddalarni tashuvchi shaxs (zakladchik) qadoqlangan moddalarni tashlandiq inshootlarga, aholi kam yuradigan va berkitish uchun qulay bo‘lgan joylarga, aholi gavjum joylarda esa, o‘rindiqlarning ostki qismiga yashirib ketadi. Psixofaol moddalarni yashirgan joyini (zakladka) surati va geolokatsiyasini olib, iste’molchilar bilan ishlovchi operatorga yuboradi. Operator ushbu ma’lumotlarni “mijozlar”ga yuboradi. “Mijoz” esa, oradan vaqt o‘tgandan so‘ng ushbu psixofaol moddalar yashirilgan joydan olib ketadi.
Psixofaol moddalarning noqonuniy savdosida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar nazariga tushuvchi asosiy qatlam mazkur moddalarni tashuvchilar (zakladchiklar) va mijozlar hisoblanadi. Oxirgi vaqtlarda katta pul va’da qilish orqali talabalarni “zakladchik” sifatida yollash holatlari ortib bormoqda. Shu sababdan talabalar tomonidan psixofaol moddalarni noqonuniy tashish va sotish holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortgan.
Operator turli guruhlarda “yengil ishlar bor”, “uyda o‘tirib daromad topish”, “oyiga 30 millionlik daromad”, “talabalar uchun ish”, “o‘qishdan ajralmagan holda ish” kabi reklamalar tarqatib, ish izlayotgan, pulga muhtoj talabalarni topadi va “zakladchik” sifatida jinoiy faoliyatga jalb qiladi. Ishga joylash bahonasida tashuvchining shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlarni oladi. Bu bilan tashuvchiga ishonchni mustahkamlash va olingan “tovar”ni o‘zlashtirib yuborishini oldi olinadi. Shuningdek, jinoiy guruhda “jazolash guruhi” ham mavjud bo‘lib, agar tashuvchi olingan “tovar”larni o‘zlashtirib yuborgan taqdirda jismoniy bosim o‘tkazish uchun yuboriladi.
Shuningdek, ayrim suiiste’mol qiluvchilardan ham tashuvchi sifatida foydalaniladi. Ular oylik o‘rniga “tovar”dan o‘z ulushlarini oladi (masalan, 10 ta tarqatmadan bittasini o‘ziga oladi).
Narkosavdo jinoiy uyushmasi tashkilotchini ko‘rmasdan faoliyatini amalga oshiradi. Ko‘p hollarda tashuvchilar (zakladchik) tashkilotchining ismini ham bilmaydi. Hamma aloqa Internet tarmoqlaridagi anonim profillar orqali amalga oshirilib, ish haqi hech qanday uchrashuvlarsiz, elektron hamyonlar orqali (ko‘pincha kriptovalyutada) to‘lanadi.
FIB Termiz Tumanlararo sudining sudyasi B.U.Sanayev
