Termiz tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Sodiq Choriyevning murojaati
2026-04-03 09:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum,
Aziz vohadoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida – avvalo inson qadri ulug‘lanib, fuqarolarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari himoya qilinmoqda.
Endilikda xodimlarning kunlik faoliyati «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida, jinoyat oqibati bilan kurashish emas, ularning keltirib chiqargan tub sabablarni bartaraf etishga qaratiladi va hududlarda “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi asosida xizmat davom ettiriladi.
Qadrli yurtdoshlar,
Muhtaram Prezidentimizning ta’biri bilan aytganda – Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir.
Bu esa aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilish hamda aholi orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan ijtimoiy-profilaktik tadbirlarga barchamiz birdek mas’ulligimizni belgilab berdi.
Jumladan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yohud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga berilgan xulosalarga asosan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish va jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash asosida olib borilgan kompleks profilaktik chora-tadbirlar natijasida mahallalarning 26 tasida ya’ni 80,0 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Sodir etilgan jinoyatlarning 100 foizi “Issiq izi”dan fosh etildi;
Ayniqsa, oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat turlaridan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, yengil tan jaroxat yetkazish, o‘g‘irlik, firibgarlik va voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash jinoyatlari kamayishga erishildi.
Mulkni qasdan nobud qilish, jinoiy uyushma tashkil qilish, xokimyat va mansab doirasidan chetga chiqish, Yolg‘on guvoxlik berish, Yolg‘on xabar berish, gyoxvandlik moddalarni istimol qilishga jalb qilish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik va firibgarlik jinoyatlari sodir etilmadi.
O‘tgan davr mobaynida, amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida:
– 2 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib, qonun ustuvor, jazo muqarrarligi ta’minlandi;
– qanchadan-qancha odamlarning hayotiga zomin bo‘layotgan 10 ta holatda giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi va tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
– jamoat joylarida bemaqsad yurgan shaxslardan 66 ta sovuq qurollar olindi;
– o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida fuqarolardan 2 ta o‘q-otar va pnevmatik qurollar olib qo‘yildi.
Bundan tashqari, turli mudhish jinoyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun 1300 ta shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
– 10 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, 2 nafar giyohvand va 11 nafar ruhiy kasallar davolanish muassasalariga joylashtirildi;
– qarovsiz qolgan 15 nafar bolalar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Belgilagan tizim asosida ishlashga o‘tganimiz natijasida, har ikkinchi jinoyat xodimlarning tashabbusi bilan aniqlandi.
Lekin, bu bilan ortiqcha xotirjamlikka berilmasdan, har birimizdan doimo ogoh va sergak bo‘lishni, vaziyatni to‘g‘ri baholashni, har qanday holatda ham bee’tibor bo‘lmasdan xizmat olib borishni talab etadi.
Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan doimo hushyor bo‘lishlarini, xonadon, uy hayvonlari va boshqa ko‘rinishdagi mol-mulklari qarovsiz va ochiq qoldirmasliklarini, har qanday shubhali shaxslar nayranglariga uchmaslikni va albatta shaxsiy xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolardim.
Aziz do‘stlar.
Hozirgi global zamonda texnika asri shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bu esa har qanday soha va faoliyatning mos ravishda takomillashib borishiga sabab bo‘ladi.
Bunday o‘zgarishlar ichki ishlar organlari tizimida ham amalga oshirilib, u hoh real, hoh virtual hayotda bo‘lsin, avvalo fuqarolarimizning haq-huquqlari va ularning mol-mulklari daxlsizligini har qanday tahdiddan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
So‘nggi yillarda, kiber makondan g‘araz maqsadlarda foydalanayotgan shaxslar soni ortib borayotganligi va ko‘plab fuqarolarimiz ularning jinoiy “tuzoqlariga” tushib qolayotganligi ayni haqiqat.
Ho‘sh, har bir fuqaro bunday vaziyatda o‘zini himoya qilishning qanday yo‘llarini bilishi lozim?
Birinchidan, bank kartalaringizga oid ma’lumotlarni hech kimga bermasdan, ayniqsa SMS orqali kelgan kodlarni, hatto o‘zini bank yoki kompaniya xodimi sifatida tanishtirgan taqdirda ham bermasligi.
Ikkinchidan, internet reklamasiga ishonishdan hamda turli lotereyalarda ishtirok etishdan avval ushbu sayt haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qilish, nima bo‘lganda ham shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga taqdim etmasligingiz.
Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orqali “siz pul yutug‘i yutdingiz”, “Sizga hukumat tomonidan moddiy yordam ajratildi”, “Yutuqli lotereyada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldingiz” va boshqa shular kabi turli shubhali havolalarga kirishga undashlarga aslo ishonmang.
To‘rtinchidan, suhbatdoshingiz ishonchli tuyulib, sizga katta foyda va’da qilsa ham, begonalarga hech qanday pul mablag‘larini o‘tkazmang, ularga ishonmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni firibgarlardan saqlang.
Bunday “uddaburon”larga qarshi kurashish va ularni o‘z vaqtida fosh etish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasida faoliyat ko‘rsatayotgan Kiber xavfsizlik bo‘limi mutaxassislari tomonidan keskin kurash olib borilmoqda.
Qadrli vohadoshlar
Kelgusida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tegishli idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni belgilab oldik.
Jumladan, Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan alohida qarorlari asosida tumanning barcha mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida manzilli tadbirlar belgilanib, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yanada kuchaytiriladi;
Bu borada huquq-tartibot organlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda, barcha sa’y-harakatlar samarali muvofiqlashtirib boriladi;
Bunda huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda jinoyat va korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi;
Tuman hududida jinoyatlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha bir qator yangi ish uslublari amaliyotga tatbiq etiladi:
– har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularning ijrosi qat’iy ravishda ta’minlanadi;
– jinoyatchilik ahvoli tumanda chuqur tahlil qilinib, muammoli masalalar va takliflar Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashiga taqdim etiladi;
Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar Dasturi va Yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi ularning ijrosi nazoratga olinadi;
“Ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida yordamga muhtoj, og‘ir ahvoldagi, ayniqsa voyaga yetmagan, yoshlar va ayollarga vakolatli davlat organlari biriktiriladi;
Shuningdek, hozirgi kunda tuman hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish hamda mahallarni jinoyatdan holi hududga aylantirish maqsadida — “Dolzarb bir oylik” tezkor profilaktik oyligi o‘tkazilib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.
Hurmatli vohadoshlar,
Har birimiz, Tinchlik – bebaho ne’matligini his etib, vatanimiz mustaqilligi va xalqimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz lozim.
Albatta, mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda Sizning hamjihatligingiz va ko‘magingizga tayanamiz.
Bugun ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar – mahallarda xavfsiz muhitni yaratish, xalqimizning mushkulini oson qilish, turmush darajasini yaxshilash hamda jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur bo‘ladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
