“Yangi O‘zbekistonda gender tengligi”
2026-03-13 10:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentyabrida Barqaro rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq, shuningdek 2030-yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid 9 ta vazifani ishlab chiqdi.
Beshinchi maqsaddagi vazifalariga (Gender tenglik) muvofiq, 2030-yilga kelib barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, ushbu maqsad davlatning turli darajalarida Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joy qilishni o‘z ichiga oladi.
So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotganligi ushbu sohaga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi. Xususan:
- ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish;
- ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
- aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish;
- huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o‘qitish.
O‘zbekistonda bir qator qonun hujjatlari, jumladan davlatimiz rahbarining xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan gender tengligi va ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari qabul qilindi.
Gender tengligini joriy qilish nuqtayi nazaridan birgina ta’lim sohasidagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash joiz. Ya’ni, 2017-yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga halal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkonini yaratdi.
Zero, muxtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi 2019-yil iyun oyida so‘zlagan nutqida: “Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”ligini ta’kidlagan edilar. Va aynan shu kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Senat raisligiga ayol kishi – T.Norboyeva saylandi. Ma’lumki, ushbu kungacha T.Norboyeva O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, mazkur sohadagi qonunchilik choralariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019-yil sentyabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. BMTning deyarli barcha agentliklari, jumladan BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti ushbu ikki qonun bo‘yicha o‘z izoh va takliflarini berishgan.
Ta’kidlash lozimki, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va amaldagi chora-tadbirlar O‘zbekistonning gender siyosati sohasidagi muhim qadamidir va u qonunchilik hamda amaliyotning xalqaro me’yor va standartlariga to‘liq mos keladi, shu bilan birga ularning ma’lum qismi BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tavsiyalariga asoslangan.
Ayniqsa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu Qonun ko‘p yillik muhokamalardan so‘ng qabul qilindi. Qonun oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir. Bunday choralar, xususan BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tomonidan uzoq vaqt davomida tavsiya qilib kelingan.
Gender siyosatining monitoringi va samaradorligini baholash sohasida www.gender.stat.uz saytida qo‘shimcha 54 ta gender ko‘rsatkichlarini kiritish orqali muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda davomiy izchil ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Bu yerda nafaqat qabul qilingan ko‘rsatmalar, balki ularning xalqaro majburiyat va standartlarga muvofiqligi, joylarda o‘z vaqtida va aniq bajarilishi ham muhim ahamiyatga ega.
Shu ma’noda, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish hayotiy zaruratga aylanmog‘i lozim.
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Botirjon Abdullayev
