“Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–33-son, 03.03.2026 y.) qabul qilindi
2026-03-10 10:45:00 / Yangiliklar

Mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish;
moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;
ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish.
Farmonga ko‘ra, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
2027 yildan har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda 1-marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
ushbu oilalar Ijtimoiy reestrga kiritilganda, oilalar a’zolariga taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilikda belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etiladi.
Farmonga ko‘ra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan:
kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
2026 yil 1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
Fuqarolik Ishlari bo‘yicha Termiz tumanlaro sudining sudyasi B.Sanayev
