Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid soluvchi ijtimoiy illat
2025-12-18 14:30:00 / Yangiliklar

Korrupsiya bu — jamiyatda adolat, qonun ustuvorligi va halollik tamoyillariga qarshi qaratilgan xavfli ijtimoiy illatdir. U asosan mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishi, pora olish yoki berish, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish kabi holatlarda namoyon bo‘ladi.
Korrupsiya davlat boshqaruvi tizimiga jiddiy zarar yetkazadi. U qarorlar qabul qilishda xolislikning yo‘qolishiga, davlat resurslarining noto‘g‘ri taqsimlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchi pasayadi, jamiyatda qonunga nisbatan hurmat susayadi.
Iqtisodiy jihatdan olganda, korrupsiya investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qiladi, sog‘lom raqobat muhitini buzadi va tadbirkorlik rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yoshlar orasida adolatga ishonchning susayishi kelajak taraqqiyoti uchun jiddiy xavf hisoblanadi.
Shu bois O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, elektron davlat xizmatlarini joriy etish, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish orqali ushbu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat qonunlar bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Halol mehnat, vijdon va adolatni hayot me’yoriga aylantirish orqaligina ushbu illatning oldini olish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash — bu barchamizning umumiy vazifamizdir. Har bir fuqaro o‘z faoliyatida halollikni ustuvor qiymat sifatida qabul qilsa, jamiyatimizda sof, ochiq va adolatli muhit qaror topadi.
Termiz tumanlararo mamuriy sudi sudyasi N.J.Sharipova
