Termiz tuman prokurori Yodgor Bozorov Ashurovichning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish bo'yicha tuman aholisiga MUROJAATI
2025-12-16 14:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Termiz tuman aholisi!
Bugungi kunda yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar xavfsizligini kafolatlash va jinoyatchilikning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, har birimiz hushyorlik va ogohlikni yo‘qotmasligimiz zarur. Aholi orasida sodir bo‘layotgan firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilayotganligi juda salbiy holatdir.
Shu bois, Siz azizlardan quyidagilarga jiddiy e’tibor qaratishingizni so‘raymiz:
Piyoda yoki avtomobil boshqaruvida bo'lsangiz yo'l harakati qoidalariga amal qiling;
Noma’lum shaxslarga shaxsiy ma'lumotlaringizni aslo bermang ular firibgar bo'lishi mumkin (pasport, karta raqam ma'lumotlari va h.k);
o'zlaringizga tеgishli bo'lgan chorva mollaringizni tungi vaqtlarda dala chеtlarida qarovsiz qoldirmang;
Uyingiz xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘ring;
Farzandlaringiz tarbiyasiga jiddiy e’tibor qarating, ularning kimlar bilan do‘stlashayotganini nazorat qiling;
Har qanday huquqbuzarlik holatiga guvoh bo‘lsangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Hurmatli tumandoshlar!
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorlikni oshirishimiz, o‘zimizga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik, internet tarmoqlaridan maqsadli va oqilona foydalanish, turli notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash kodlarini bermaslik haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Har birimiz qonun bilan belgilangan qoidalarga so‘zsiz rioya etishimiz, o‘zgalarning shaxsiy huquqlarini hurmat qilishimiz, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi mas’uliyatli burchimizni sidqidildan bajarishimiz ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Qadrli tumanimiz ahli!
Bugungi zamonda hushyor bo‘lish – himoyaning eng kuchli qurolidir. Har qanday «tekin pul», «investisiya», «yutuq» degan gaplar ortida firibgar turishi mumkin.
Shu sabab, har qanday shubhali takliflarga yo‘l qo‘ymang, o‘zingiz va yaqinlaringizni ogohlantiring.
Unutmang, jinoyatning oldini olish – har bir fuqaroning burchi! Tinch va osoyishta hayotimizni asrash o‘z qo‘limizda!
