Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi
2025-11-12 14:50:00 / Yangiliklar

“Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–217-son, 18.11.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi.
Prezident Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi.
Ekologiya qo‘mitasi quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi, jumladan:
-“Chiqindidan holi hudud”;
-“Toza havo”;
-“Yashil makon”;
-“Eko-madaniyat”;
-“Bio meros”.
Farmonga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi huzurida “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi.
2026 yil 1 apreldan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi, bunda:
moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;
bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;
huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.
Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir.
Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlaro sudi sudyasi B.Sanayev
