MUSTAQILLIK BAYRAMI MUBORAK BO’LSIN !
2026-09-01 09:30:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum, aziz shahrisabzliklar!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik — xalqimizning eng ulug‘ va bebaho ne’mati, milliy davlatchiligimiz, tinch va farovon hayotimiz, bugungi taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir.
Bugun muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Shahrisabz shahri hayotida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Yangi korxonalar va tadbirkorlik subyektlari, zamonaviy uy-joylar, ta’lim va turizm maskanlari bunyod etilmoqda, yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa infratuzilma tarmoqlari izchil yaxshilanmoqda.
Qadimiy va navqiron Shahrisabzimizning xalqaro nufuzi ham tobora yuksalib, shahrimiz “Festivallar shahri” va “Jahon hunarmandchilik shahri” kabi yuksak maqomlarga sazovor bo‘ldi.
Bu yutuqlarning zamirida xalqimizning fidokorona mehnati, ahilligi, bunyodkorlik salohiyati va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchi mujassam.
Aziz yurtdoshlar!
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashib, Shahrisabzimiz ravnaqi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida bundan buyon ham birgalikda mehnat qilamiz.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayz-u baraka va farovonlik tilayman.
Ona Vatanimiz mustaqilligi abadiy bo‘lsin!
Yangi O‘zbekistonimiz yanada gullab-yashnasin!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Sherzod Bo‘riyev,
Shahrisabz shahar hokimi

