Jamiyat ishonchi — har bir mansabdor halolligida!
2025-12-08 18:45:00 / Yangiliklar

Jamiyat ishonchi — har bir mansabdor halolligida!
Jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi, ijtimoiy hayot barqarorligiga tahdid soluvchi korrupsiya illatiga qarshi murosasiz kurashish — har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Shahrisabz shahar hokimligi majlislar zalida shu dolzarb masalaga bag‘ishlangan targ‘ibot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev boshqardi. Muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda Qashqadaryo viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat bo‘limi rahbari Renat Ravshanov ishtirok etishdi.
Tadbir davomida korrupsiya holatlarining oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shaffoflik va halollikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Shahrisabz shahar hokimligi mas’ul xodimlari uchun tashkil etilgan mazkur targ‘ibot tadbirida jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash va ularni turli internet saytlariga joylashtirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham batafsil tushunchalar berildi.


