Payshanba yoshlar kunida sportchi yoshlar qo‘llab-quvvatlandi
2026-08-13 11:05:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi Nargiza Nematova tuman sport maktabida yosh sportchilar bilan uchrashdi. Unda 20 dan ortiq sport turi bilan shug‘ullanayotgan 100 nafardan ziyod iqtidorli va istiqbolli sportchilar ishtirok etdi.
Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda tumanda sport sohasini yanada rivojlantirish, yosh sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ularning mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Sportchilar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda tumanda sportni yanada rivojlantirish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, joriy yil davomida tuman sportchilari tomonidan salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, 4 nafar sportchi Osiyo chempionatlarida sovrindorlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 149 nafar sportchi Respublika miqyosidagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egalladi. Shuningdek, 300 nafardan ortiq yosh sportchi viloyat chempionatlarida sovrindor bo‘ldi. Bu natijalar tumanda sportga bo‘lgan e’tibor va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy ifodasidir.
Uchrashuv davomida sportchilarni rag‘batlantirish va ularni yangi marralar sari ruhlantirish maqsadida Sport vazirligi tomonidan 100 dan ortiq sport formalari topshirildi.
Bunday e’tibor va qo‘llab-quvvatlash yosh sportchilarga yanada katta kuch va ishonch bag‘ishlab, kelgusida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlari uchun muhim rag‘bat bo‘ldi.









