Sho‘r tuproqdan shira ungan maskan: Yaxshimurod Choriyev 60 sotix maydonda 20 tonnadan ortiq sara uzum yetishtirib, mahallada uzumchilikning o‘ziga xos namunasini yaratdi.
2026-08-15 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun esa kecha hech narsa unmaydigandek ko‘ringan bu zaminda ming tupga yaqin tok yashnab turibdi. Toyipi, Husayni, Behishti, Qora jangal, Qora kishmish, Ketmo sopi, Avatar va boshqa navlar bir-biridan ko‘rkam bo‘lib, mo‘l hosil bermoqda.
Uzumzor shpaler usulida tashkil etilgan. Dastlabki yilning o‘zidayoq 20 tonnadan ortiq hosil olishga erishildi. O‘rtacha bir kilogramm uzum 5 ming so‘mdan sotilganda, 60 sotix maydondan qariyb 100 million so‘mlik daromad olish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Eng muhimi, bu natija katta mablag‘dan ko‘ra, fidoyilik, sabr va to‘g‘ri mehnat bilan qo‘lga kiritildi.
— Bag‘rim-dilim yayraydi. Mahallamizda “Uzumchi bobo”, “Bog‘bon” deyishlarining o‘zi meni ruhlantiradi, — deydi Yaxshimurod Choriyev.
Uning uzumzori nafaqat xonadonining rizq-ro‘ziga xizmat qilmoqda. Mahalla ahli ham bu bog‘dan bahramand. Kimga qancha kerak bo‘lsa, kelib, uzumdan uzib iste’mol qilishi mumkin. Ayniqsa, kuz faslida daladan hosil yig‘ayotgan paxtakorlar 100–200 kilogrammdan uzum olib ketishadi.
Uzumning chinakam ta’mini esa dalaning o‘zida, tokdan uzib yegan odam biladi. Quyoshda pishgan, shirasi tilni yoradigan, o‘ziga xos betakror ta’mga ega bu uzumlarni tatib ko‘rgan kishi uning nega bunchalik qadrlanishini anglaydi.
Joriy yilda Yaxshimurod Choriyev 20 tonnadan ortiq hosil yetishtirishning uddasidan chiqdi. Ammo bu hali boshlanishi. Toklar endi voyaga yetib, hosildorlikning eng yaxshi davriga kirib bormoqda.
— Kelgusi yillarda hosilimizni karrasiga oshirish niyatidamiz. Endi uzumlarimiz voyaga yetdi, — deydi bog‘bon faxr bilan.
Yaxshimurod Choriyevning tajribasi boshqa yer egalari uchun ham qiziqish uyg‘otdi. Natijada uzumchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 10 nafar yer egasini birlashtirgan kooperatsiya tashkil etildi. Bugungi kunda ular tomonidan jami 12 gektar maydonda tokzorlar barpo etilmoqda.
Demak, bir paytlar sho‘rlangan, hosildorligi past bo‘lgan yerda boshlangan kichik tashabbus endilikda kengroq harakatga aylanmoqda. Bir xonadonning mehnati mahallaga, mahallaning tajribasi esa butun hudud uchun ibrat bo‘lmoqda.
Yaxshimurod Choriyevning uzumzori bizga bir haqiqatni yana bir bor eslatadi. Yerga mehr, mehnatga ishonch va sabr bo‘lsa, eng og‘ir zamin ham baraka unadi.
Kecha sho‘r tuproq bilan kurashilgan bu maskanda bugun uzumlar shingil-shingil bo‘lib tovlanmoqda. Bu shunchaki uzumzor emas. Bu mehnatning mevasi, sabrning hosili va tashabbusning namunasiga aylandi.









