Manzillar obodligi — barchamizning vazifamiz
2026-07-15 08:30:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi Nargiza Nematova boshchiligida "Usmonshayx" hamda "Asajam" va "Eski Olot" mahallalarida temir yo‘l bo‘yida joylashgan xonadonlar va ko‘chalarning obodligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Tashrif Usmonshayx mahallasidan boshlandi. O‘rganish davomida xonadonlar, ko‘chalar hamda temir yo‘l yoqasida joylashgan qurilmalar holati ko‘zdan kechirilib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, fuqarolarning yashash sharoitlari, fuqarolik mas’uliyati hamda temir yo‘l hududlarini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xonadon egalari bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning ijtimoiy ahvoli o‘rganildi. Ishsiz fuqarolarni bandlik bilan ta’minlash maqsadida ikki nafar yoshlar "Mergan Teks" to‘qimachilik fabrikasiga ishga yo‘naltirildi. Natijada ikki nafar yoshning bandligi ta’minlandi.
Shu bilan birga, oqova suv bilan bog‘liq muammolar ham joyida ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
O‘rganish davomida temir yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish hamda tumanimizga kirish yo‘llarining ko‘rkam qiyofasini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan uchrashilib, ularga ijtimoiy nafaqa tayinlash va zarur amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Hurmatli fuqarolar!
Temir yo‘l bo‘yida o‘zboshimchalik bilan qurilgan barcha noqonuniy inshootlar belgilangan tartibda bartaraf etiladi. Barchangizni hududlarimiz obodligi va ozodaligini saqlashga, qonunchilik talablariga rioya etishga chaqiramiz. Eslatib o‘tamiz, temir yo‘l hududlarini o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish qonunchilikka muvofiq javobgarlik hamda jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.









