G‘o‘za parvarishida muhim palla.
2026-07-15 13:30:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi Nargiza Nematova hududlarda g‘o‘za parvarishi, hosil yaratish jarayonlari hamda agrotexnik tadbirlarning borishini joylarda o‘rgandi.
Xususan, "Chorbog‘" hududida joylashgan "Barakali Zamin" hamda "Allaberdi bobo" fermer xo‘jaliklari dalalarida g‘o‘za parvarishi holati ko‘zdan kechirildi.
"Barakali Zamin" fermer xo‘jaligida 20 gektar maydonda Xitoy-88 navli g‘o‘za parvarishlanmoqda. Ayni kunga qadar ekin maydonlariga gektariga 1 tonnadan ortiq azotli va fosforli o‘g‘itlar me’yor asosida berilib, 6 marotaba agrotexnik ishlov amalga oshirilgan. Natijada har bir tupda o‘rtacha 10 taga yaqin ko‘sak shakllangan.
Shuningdek, "Allaberdi bobo" fermer xo‘jaligida ham 22 gektar maydonda Xitoy-88 navli g‘o‘za parvarish qilinmoqda. O‘rganish davomida hosildorlikni yanada oshirish, sug‘orish, oziqlantirish va zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish yuzasidan mas’ullar hamda fermerlarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlanganidek, ertangi mo‘l hosilning poydevori bugungi mehnat va agrotexnik tadbirlarning sifatiga bog‘liq. Shu bois har bir gektarda hosil yaratish uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish, dalalarda nazoratni kuchaytirish va agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish muhim vazifa etib belgilandi.









