Zamonaviy kanalizatsiya tizimi – aholi farovonligi yo‘lida muhim qadam.
2026-07-15 17:30:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida qurilish ishlarining sifati hamda aholi uchun yuzaga kelayotgan qulaylik muhokama qilinib, mas’ul tashkilotlar vakillariga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda tumanimizda aholi turmush sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida yirik kanalizatsiya loyihasi izchil amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumanda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti darajasi 99,6 foizga yetgan bo‘lib, 21 ming 410 ta xonadon hamda 171 ta yuridik iste’molchi sifatli ichimlik suvi xizmatidan foydalanmoqda. Endilikdagi asosiy vazifalardan biri aholini zamonaviy kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olishdan iborat.
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 23,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida bir sutkada 3 800 kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega zamonaviy tozalash inshooti bunyod etiladi. Shuningdek, 20 ta oqova suv nasos stansiyasi qurilib, 160,5 kilometr uzunlikdagi kanalizatsiya tarmoqlari yangidan barpo etiladi.
Tuman hokimi qurilish maydonida bo‘lib, ishlarning sifati va sur’atiga alohida e’tibor qaratdi. Mas’ullarga barcha qurilish jarayonlarini belgilangan loyiha talablari asosida, sifatli bajarish, fuqarolarga yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklarni imkon qadar kamaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyiha yakuniga yetgach, tumandagi 11 ta mahallada istiqomat qilayotgan 26,5 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan kanalizatsiya tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa hududning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash, ekologik muhitni asrash hamda aholining yashash sharoitlarini yanada qulay va zamonaviy darajaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda"Asajam" mahallasida kanalizatsiya tarmoqlarini yotqizish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha tuman infratuzilmasini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va kelajak avlod uchun zamonaviy yashash muhitini yaratishga xizmat qiladigan muhim bunyodkorlik tashabbuslaridan biri hisoblanadi.









