“Sohil bo‘yi”: Olotda yangi dam olish maskani foydalanishga tayyor
2026-07-16 20:40:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha hududning ekologik salohiyatini oshirish, aholi uchun qulay va zamonaviy hordiq chiqarish maskanini yaratish maqsadida amalga oshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 8 milliard 510 million so‘mni tashkil etib, ushbu mablag‘ hisobidan hudud to‘liq obodonlashtirildi hamda zamonaviy ko‘ngilochar maskanga aylantirildi.
Loyiha doirasida kanal betonlashtirildi, piyodalar yo‘laklari barpo etildi, zamonaviy besetkalar o‘rnatildi va kanal atrofi maxsus himoya to‘siqlari bilan jihozlandi. Shuningdek, hududning yanada ko‘rkam va jozibador qiyofasini ta’minlash maqsadida dekorativ yoritish chiroqlari o‘rnatildi, bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari tashkil etildi hamda oilaviy dam olish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Bugun tuman hokimi Nargiza Nematova ushbu manzilda bo‘lib, ochilish marosimiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Hududda olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirilib, mas'ullarga ochilish tadbirini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda “Sohil bo‘yi” dam olish maskani tuman aholisining eng sevimli va gavjum maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi. Zamonaviy infratuzilma, obod va shinam muhit ushbu maskanning jozibadorligini yanada oshirib, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda








