Mahallalarda obodlik va farovonlik sari amaliy ishlar davom etmoqda.
2026-07-17 10:50:00 / Yangiliklar

Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” ezgu g‘oyasi asosida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi. Shu munosabat bilan mahallalarda obodonchilik, mehr-oqibat va bunyodkorlik ruhini yanada kuchaytirish maqsadida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida bugun tuman hokimi Nargiza Nematova "Eski Olot" "Asajam" hamda "Usmonshayx" mahallalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Dastlab "Eski Olot" mahallasida temir yo‘lga tutash hududlarda olib borilayotgan tozalash va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Hududni chiqindilardan, begona o‘tlardan tozalash, atrof-muhitni yanada ko‘rkamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Shuningdek, mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolarning yashash sharoitlari, xonadonlar madaniyati va sanitariya holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi manzil "Asajam" mahallasi bo‘ldi. Bu yerda ko‘chalar obodligi, aholi xonadonlarining holati, hovli va uy-joylar atrofini tartibga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Xususan, yozgi oshxonalar, tandirxonalar va umumiy sanitariya holatini yaxshilash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tashrifning navbatdagi manzili "Usmonshayx" mahallasi bo‘ldi. Bu hududda tadbirkorlik subyektlari faoliyati, aholi xonadonlarining holati o‘rganildi. Mas’ullar, tadbirkorlar va mahalla yettiligi vakillariga hududda obodonlikni ta’minlash, aholi bilan hamjihatlikda ishlash, mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tashrif davomida mahallalarda obod va farovon muhit yaratish, aholi uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, ko‘chalar va xonadonlar ozodaligini yaxshilash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.









