Aholi manfaatlari yo‘lida murojaatlar amaliy yechim izlandi.
2026-07-17 14:30:00 / Yangiliklar

Xalq qabulxonasi binosida o‘tkazilgan qabulda tuman hokimi Nargiza Nematova fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning murojaatlarini tingladi. Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan qabul davomida fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Murojaatlar orasida uy-joy, yer va mulk masalalari, oilaviy muammolar, davolanish uchun moddiy yordam, xotin-qizlar uchun grantlar, takroriy ekin ekish maqsadida yer ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kredit ajratish hamda bandlikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar asosiy o‘rinni egalladi.
Qabul davomida 27 nafardan ortiq fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Har bir masala tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida muhokama qilinib, imkon qadar joyida yechim topildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi hamda huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi.
Fuqarolar qabuli yakunida murojaatlar tahlil qilinib, hududda uchrayotgan muammolarni tizimli bartaraf etish, aholi bilan ishlash sifatini yanada oshirish hamda murojaatlar ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday ochiq qabullar fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aholi manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va mavjud muammolarni amaliy yechimlar orqali bartaraf etish bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.





