RASMIY MUNOSABAT
2026-06-25 14:05:00 / Rasmiy munosabat

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, g‘alla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish har bir fermer xo‘jaligining qonuniy majburiyati hisoblanadi.
Videomurojaatda ko‘tarilgan masalalar aynan fermer xo‘jaliklarining shartnomaviy majburiyatlari va donni saqlash bilan bog‘liq. Xususan, o‘rib-yig‘ib olingan bug‘doyni belgilangan tartibda don qabul qilish maskanlariga topshirish shartnoma talablaridan biri bo‘lib, topshirilgan hosil uchun fermer xo‘jaliklariga amaldagi tartibda to‘lovlar amalga oshiriladi va bu ularning qonuniy daromadi hisoblanadi.
Shuningdek, pishib yetilgan hosilni qisqa muddatlarda, nobudgarchiliksiz yig‘ib olish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Zero, bug‘doy xalqimiz rizqi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi strategik mahsulot hisoblanadi. Shu bois hosilni sifatli va yo‘qotishlarsiz yig‘ishtirib olish har bir fermer va soha mutaxassisining mas’uliyatli burchidir.
Joriy mavsumda tumandagi barcha fermer xo‘jaliklarida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkil etilgan bo‘lib, jarayonlarga 20 dan ortiq zamonaviy g‘alla o‘rish kombaynlari hamda o‘rim-yig‘im otryadlari jalb qilingan. Bu esa hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olish imkonini berdi.
Shu bilan birga, fermer xo‘jaliklari faoliyati davomida yuzaga kelayotgan murojaatlar va takliflar mas’ul tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hurmatli fermerlar, sinovli mavsumda asossiz va biryoqlama xulosalar chiqarishdan tiyilish hamda faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanishingizni so‘raymiz. Tuman hokimligi tomonidan g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish, fermerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
