Olot tumanida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-06-10 13:50:00 / Majlislar

Bugun tuman hokimligi katta majlislar zalida tuman hokimi Nargiza Nematova boshchiligida madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda tegishli tashkilotlar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, sohani qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlar faoliyatini rag‘batlantirish hamda madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tumanda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, Olot tumanida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish uchun zarur infratuzilma yaratilgan. Zamonaviy jihozlangan Madaniyat markazi, shuningdek, 15-son Bolalar musiqa va san’at maktabida yaratilgan sharoitlar natijasida iqtidorli o‘quvchilar xalqaro tanlovlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda.
Bugungi kunda Olot tuman madaniyat bo‘limi tasarrufida 4 ta madaniyat va san’at muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bular 24-son Madaniyat markazi, 25-son “Sharq yulduzi” madaniyat markazi, 26-son “Guliston” madaniyat markazi hamda 15-son Bolalar musiqa va san’at maktabidir.
Mazkur muassasalarda jami 54 nafar xodim faoliyat olib boradi. Shundan 2 nafari boshqaruv, 29 nafari ijodiy va 23 nafari texnik xodimlardir. Xodimlarning 11 nafari oliy, 23 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, madaniyat markazlarida tashkil etilgan 8 ta to‘garakka 84 nafar yoshlar jalb etilgan.
Yig‘ilishda milliy musiqa va maqom san’atini rivojlantirish ijodiy guruhlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, estrada va milliy kuy-navolar targ‘ibotini kuchaytirish, har bir yo‘nalish kesimida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish hamda 21 banddan iborat vazifalarning tumandagi ijrosini ta’minlash masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, tuman hokimligi majlislar zalida navbatdagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda barcha maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Kengash davomida mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, oilaviy ajrimlar profilaktikasi masalalari muhokama qilindi. Soha vakillari va ijodkorlarning axborotlari tinglanib, ushbu yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Umuman tumanda madaniyat, san’at va ma’naviyat sohalarini rivojlantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.


