Olot tumani hokimi Nargiza Nematovaning tumandagi barcha davlat xizmatchilari va tuman aholisiga murojaati
2026-06-16 12:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ma’lumki, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi eng xavfli illatlardan biri bo‘lib, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi.
Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, Buxoro viloyati hokimining tegishli topshiriqlari asosida Olot tumanida ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yil - korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” yili deb e’lon qildilar.
Olot tumani hokimligi bu yo‘lda ochiqlik, halollik va qonuniylik tamoyillariga amal qilgan holda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Shu o‘rinda, tumandagi har bir tarmoq va soha rahbarlari, barcha davlat xizmatchilaridan mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirgan holda faoliyat olib borishlarini talab qilaman.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat davlat organlarining emas, balki har bir fuqaroning ham fuqarolik burchidir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz”.
Tuman fuqarolaridan ham korrupsiyaviy holatlar yoki shubhali vaziyatlarga guvoh bo‘lgan taqdirlarida, bu haqda bevosita tuman hokimligiga yoki huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishlarini so‘rayman.
Zero, Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir.
