Hokim qabuli: “Har bir murojaat e’tiborda”
2026-04-04 15:45:00 / Yangiliklar

Bugun tuman hokimi Nargiza Nematova boshchiligida Xalq qabulxonasi binosida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Qabul ochiq va samimiy ruhda tashkil etilib, unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi. Tadbir davomida 25 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan turli masalalar ko‘tarildi: ishga joylashish, davolanish, ijtimoiy yordam, kommunal xizmatlar, kredit ajratish va bandlik bilan bog‘liq muammolar diqqat markazida bo‘ldi. Har bir murojaat diqqat bilan tinglandi va muammolarga joyida yechim topish choralari ko‘rildi.
Ayniqsa, davolanish, ijtimoiy yordam va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq ayrim masalalar qabul jarayonida ijobiy hal etilishi fuqarolarda katta mamnuniyat uyg‘otdi. Bu murojaatlar bilan ishlash tizimida tezkorlik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.
Tuman hokimi har bir fuqaroning murojaati e’tibordan chetda qolmasligini, ularning yechimi qat’iy nazorat ostida bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, mutasaddilarga murojaatlar bilan manzilli ishlash, ularni ortga surmasdan, amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.








