Olotda “Yosh chegarachilar” musobaqasi o‘tkazildi
2026-03-30 10:25:00 / Yangiliklar

Musobaqaning asosiy maqsadi chegaraoldi hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy sohaga qiziqishini oshirish, jismonan sog‘lom va yurt sarhadlarini himoya qila oladigan barkamol avlodni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Unda tumandagi umumta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilaridan tuzilgan 20 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar nizomga muvofiq 13 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Dastlab jamoalarning saf ko‘rigi, maxsus kiyim-boshlari, harbiy varaqa va albomlari baholandi. Shundan so‘ng jangovar avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ish, turnikda tortilish, granata uloqtirish, yugurish kabi sinovlar o‘tkazildi. Ushbu shartlar yoshlardan yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlik, epchillik va intizomni talab qildi.
Musobaqa ishtirokchisi, 3-son umumta’lim maktabi o‘quvchisi Feruza Yaxshiboyeva o‘z taassurotlarini bildirib, ushbu bellashuv nafaqat jismoniy sinov, balki mahorat va mas’uliyat maktabi bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa safda yurish va harbiy intizom shartlari Vatan himoyachisi degan sharafli nomga bo‘lgan hurmatni yanada oshirgan. Shuningdek, u avtomatni qismlarga 7 soniya ichida ajratib yaxshi natijaga erishganini ham alohida qayd etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida 3-son umumta’lim maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rin 9-son umumta’lim maktabi jamoasiga, uchinchi o‘rin esa 16-son umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ta’kidlash joizki, bunday musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamoaviylik, qat’iyatlilik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









