“Ijtimoiy profilaktika” masalalari muhokama etildi.
2026-05-22 09:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Xususan, mahallalarda xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish hamda profilaktika ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida nizoli oilalar bilan ishlashda mediatsiya institutining ahamiyati, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda xavfsiz ijtimoiy muhitni ta’minlashda profilaktika inspektorlarining o‘rni muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ularning faoliyati huquqbuzarlikka moyil, ilgari sudlangan, nazoratdagi yoki ogohlantirish guruhiga kiritilgan shaxslar bilan manzilli ishlashga qaratilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida ijtimoiy muammolarning oldini olish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash hamda mahalla va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu borada barcha mas’ul tashkilotlar o‘zaro hamjihatlikda faoliyat olib borishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bayramini munosib kutib olish, hududlarda obodonlashtirish va tozalik tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.









