Olotda “Ilk rivojlanish markazi” faoliyat boshladi.
2026-05-22 17:45:00 / Yangiliklar

Tuman markazidagi "Bunyodkor" mahallasida 60 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maskan kelajak egalari bo‘lgan bolajonlarning bilim olishi, iqtidorini namoyon etishi va har tomonlama rivojlanishim markaziga aylanadi.
Bugun markazning ochilish marosimida tuman hokimi Nargiza Nematova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti bilan samimiy qutladi. Shuningdek, yangi ta’lim maskani bolalar kamoloti yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab, bu yerda voyaga yetadigan farzandlar kelajakda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishiga ishonch bildirildi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor To‘yiv ham ishtirok etib, bugungi kunda bolalarning sifatli ta’lim va tarbiyadan teng foydalanishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Bunday zamonaviy maskanlarda kelajakning bilimli, ma’rifatli va vatanparvar o‘g‘il-qizlari kamol topishini alohida ta’kidlandi.
Mazkur “Ilk rivojlanish markazi”da ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda inklyuziv ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi. Markaz 60 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda tajribali pedagoglar tomonidan aqliy rivojlantirish mashqlari, zamonaviy ta’lim metodlariga asoslangan mashg‘ulotlar va tarbiyaviy tadbirlar tashkil etiladi.
Yangi maskanning foydalanishga topshirilishi tumanda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bolalar uchun qulay va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.








