Xushxabar: Olotda chigit unib chiqdi!
2026-03-30 09:45:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tumandagi 214 ta fermer xo‘jaligi tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalar asosida ish olib borilmoqda. Jumladan, “Xitoy-88”, “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10” kabi yuqori hosildor navlar plyonka ostiga ekilmoqda. Ushbu jarayonda zamonaviy seyalkalar qo‘llanilib, ular bir vaqtning o‘zida chigit ekish, tomchilatib sug‘orish shlanglarini yotqizish hamda maydonni plyonka bilan yopish imkonini bermoqda.
Olot tumanimiz paxta yetishtirishda yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerning tajribali, ko‘pni ko‘rgan mirishkor dehqonlari o‘ziga xos dehqonchilik maktabini shakllantirgan. Aynan shu tajriba va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi yuqori natijalarga zamin yaratmoqda.
Ekish jarayonlariga 15 ta yuqori unumli maxsus texnika, jumladan plyonka ostiga ekish agregatlari jalb etilgan. Joriy yilda har bir gektarda 240 mingdan ortiq ko‘chat undirib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni kunlarda tumanda plyonka ostiga chigit ekish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Eng quvonarlisi shundaki, o‘z vaqtida, yerning obi-tobida ekilgan chigitlar allaqachon unib chiqib, yashil nihollar ko‘rina boshladi.
Xususan, “Sharq Yulduzi” hududida joylashgan “Sanjar Jo‘rayev” fermer xo‘jaligi dalalarida chigitni ko‘kartirish borasida samarali natijalarga erishilayotgani e’tiborga molik. Bu esa agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida bajarilayotganidan dalolat beradi.
Bu jarayonlar hosilning mo‘l bo‘lishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shubhasiz, Olot dehqonlarining fidokorona mehnati va zamonaviy yondashuvi natijasida joriy yil ham paxta hosili barakali bo‘lishi kutilmoqda.





