Deputat Olot tumanida aholi bilan yuzma-yuz uchrashdi
2026-03-25 16:45:00 / Yangiliklar

Tashrifda mahallalardagi obodonlashtirish ishlari, ichki kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari holatini ko‘zdan kechirishdi.
Dastlabki manzil "Navro‘z" mahallasida joylashgan 28-umumta’lim maktabi bo‘ldi. Ushbu ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ishlar, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sport maydonchalari va umumiy infratuzilma holati atroflicha o‘rganildi. Mazkur maktabda 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida 5 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy qiyofa kasb etganni e`tirof etildi.
Keyingi manzil "G‘anchi Chandir" mahallasi bo‘lib, bu yerda ichki yo‘llarning holati, piyodalar va transport harakati uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Aholi uchun yanada qulaylik yaratish borasida fikir almashildi.
Shundan so‘ng tuman markazida joylashgan texnikum binosida saylovchilar bilan ochiq uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar xususida so‘z yuritildi.
Muloqot jarayonida fuqarolar tomonidan elektr va gaz ta’minoti, oqova suv tizimi, imtiyozli kreditlar, soliq masalalari va boshqa muammolar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Har bir murojaat tegishli soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha aniq choralar belgilandi. Muddat talab etadigan masalalar esa ijroga yo‘naltirildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda fuqarolar muammolariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi istiqbolli rejalar haqida ham fikr almashildi.
Tashrif yakunida ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hojimurot Bektoshev xonadoniga tashrif buyurildi. Suhbat davomida otaxonning urush yillaridagi jasorati, tinchlik davridagi fidokorona mehnati alohida e’tirof etilib, mustahkam sog‘lik va uzoq umr tilandi.
Umuman olganda, ushbu tashrif aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish va ularni hal etish yo‘lida muhim qadam bo‘lmoqda.









