“Ma’naviyat va buyuk siymolarga ehtirom” — kitobxonlik orqali ma’rifat sari
2026-02-10 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbir tuman hokimi Nargiza Nematova tashabbusi bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tuman bo‘linmasi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tuman Axborot-kutubxona markazi hamda tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz durdonalari orqali ularda vatanparvarlik, ma’naviy yetuklik va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar asarlar mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilish, qahramonlar xarakterini ochib berish hamda badiiy g‘oyani anglash borasida o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdilar.
Tadbirda yosh kitobxonlar bilan samimiy suhbat doirasida badiiy adabiyotning inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni chuqur o‘rganishning ahamiyati haqida fikr bildirildi hamda yoshlarni mutolaani hayot tarziga aylantirishga da’vat etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan kitobxonlar rag‘batlantirildi. Ushbu tanlov yoshlar qalbida kitobga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirib, ma’naviy kamolot sari muhim qadam bo‘ldi.








