Islohotlar mazmuni nuroniylar bilan muhokama qilindi
2026-02-09 14:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan bugun tuman hokimi Nargiza Nematova nuroniylar maskani binosida tumandagi 35 ta mahalla fuqarolar yig‘ini nuroniylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tumanimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ayniqsa kommunal soha, zamonaviy ijtimoiy obyektlar qurilishi, infratuzilma yangilanishlari hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Tashrif avvalida tumanimizda so‘nggi yillarda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tilar ekan, deyarli barcha sohalarda ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilgani alohida e’tirof etildi. Jumladan, Olot tumani og‘ir toifadagi tumanlar sirasiga kiritilgani sababli Respublika byudjetidan 50 milliard so‘m, shuningdek qo‘shimcha 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, "Qirtay", "Qumkashon", "Bo‘ribek Chandir" hamda "Muxtor" mahallalari og‘ir mahalla sifatida belgilanishi natijasida har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani mahalla infratuzilmasini rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida muhim qadam bo‘lgani qayd etildi. Bu o‘zgarishlar tumanimizda yaqin kelajakda yanada ulkan yangilanishlar bo‘lishidan dalolat beradi.
Uchrashuvda, shuningdek, aholiga imtiyozli — 12 foizlik kreditlar ajratilishi, mahallalarda katta quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani haqida ham ma’lumot berildi. Tomorqa va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish, chorvachilik hamda boshqa sohalarda tadbirkorlikni kengaytirish orqali aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, to‘y va boshqa hashamli marosimlarni tartibga keltirish, ortiqcha dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida nuroniylarning mahallalarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu borada aniq vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida asosiy maqsad — islohotlar jadal amalga oshirilayotgan tumanimizda shukronalik va daxldorlik hissini kuchaytirish, nuroniylarning esa bu jarayonda aholi, ayniqsa yoshlar uchun namuna bo‘lishi zarurligi qayd etildi.









