Olotda “Ofarin Medline” xususiy klinikasi faoliyat boshladi
2026-02-07 12:30:00 / Yangiliklar

Umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etuvchi mazkur klinika 30 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 10 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Klinika zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, aholiga sifatli va qulay sharoitlarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
“Ofarin Medline” klinikasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan: Kardiologiya, nevropatologiya, gastroenterologiya, EKG, fizioterapiya, elektroforez, UVCH, magnitoterapiya, darsenval, Potok-1, shuningdek bolalar va kattalar uchun massaj, elektro massaj, parafin hamda vibro massaj xizmatlari mavjud.
Bugun mazkur klinikaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Nargiza Nematova, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan nuroniylar Rustam To‘rayev va Askar Choriyevlar Olot tumanida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, bunday zamonaviy klinikalarning ish boshlayotgani aholi uchun katta qulaylik yaratishini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, tuman hokimi Nargiza Nematova tibbiyot sohasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, bunday tashabbuslar tumanda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga xizmat qilayotganini, eng muhimi, aholining salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
Ochilish marosimi yakunida dasturxon yozilib, Qur’on tilovat qilindi hamda yangi boshlangan ezgu ishlarga xayr-baraka tilandi.









