Boks bo‘yicha Olot tumani ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
2026-02-02 09:25:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqa sportsevar yoshlar uchun o‘z mahoratini namoyon etish, tajriba orttirish va g‘alaba sari intilish imkonini berdi.
Chempionatda 10–14 yosh toifasida yosh bokschilar 40 ta vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlar qizg‘in, murosasiz va tomoshabinlar uchun nihoyatda qiziqarli tarzda kechdi.
Musobaqada Olot tumani sportchilari bilan bir qatorda Qorako‘l tumani sport maktabi, Qorako‘l tumani sport internati hamda Kogon tumani va shaharidan tashrif buyurgan iqtidorli sportchilar faol ishtirok etdilar.
Umumiy hisobda 150 nafardan ortiq yosh sportchilar chempionatga jalb etilib, bu musobaqaning nufuzi va ahamiyatini yanada oshirdi.
Qizlar o‘rtasida kechgan bahslarda Sevinch Yusupova o‘zining yuqori sport mahorati, chaqqonligi va qat’iyati bilan ajralib turib, munosib ravishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Nodir Murodhonov, Dilbek Mavlonov, Akram Zulfiqorov hamda Ahmad Ro‘zimurodovlar shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldilar.
Musobaqa yakunida barcha g‘olib va sovrindor sportchilar medal hamda diplomlar bilan taqdirlandilar. Ushbu ochiq chempionat yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda boks sportiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.









