Xalq deputatlari Olot tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-04-08 15:30:00 / Majlislar
Xalq deputatlari Olot tumani Kengashining navbatdagi 21-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tuman Kengashi raisi Valisher Jo‘rayev raislik qildi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobot va axborotlari tinglandi. Dastlab, tuman hududida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman prokurori vazifasini bajaruvchi Hamza Yo‘ldoshevning axboroti eshitildi.
Shundan so‘ng, tumanda huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi mas’uli Azizbek Rajabov hisobot berdi.
Sessiya davomida tuman mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar, shuningdek, aholi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Axror Yangiyev axborot berdi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala sifatida tumandagi ehtiyojmand oilalar xonadonlarini energiya tejamkor qilib ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalish yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari Jamil Alloqov ma’lumot berdi.
Shuningdek, 2026-yil 1-mavsum “Tashabbusli budjet” jarayonlari yakuniga ko‘ra g‘olib bo‘lgan hamda qo‘shimcha tanlab olingan loyihalarni moliyalashtirish masalasi yuzasidan moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek Bozorovning axboroti tinglandi.
Sessiyada yana bir muhim qaror qabul qilinib, Denov mahallasidagi nomsiz qabristonga “Xotira” nomi berish masalasi ko`rildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan yana bir masala – yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, huquqiy savodxonligini yuksaltirish hamda “Besh muhim tashabbus” doirasida rejalashtirilgan tuman tadbirlarini moliyalashtirish yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Nurbek Toyirov axborot berdi.
Sessiya davomida deputatlar tomonidan kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

