Matbuot anjumani
2026-04-01 09:55:00 / Matbuot anjumanlari
Olot tumanida tomorqa ekish ishlarining borishi hamda aholining tomorqadan samarali foydalanishi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanganidek, “Qumkashon” mahallasida amalga oshirilayotgan uzumchilik loyihasi bugungi kunda istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Mazkur tashabbus nafaqat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, balki aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, mahallada uzoq muddatli ijara asosida ajratilgan lot yer maydonlarida “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida uzumchilik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, jami 9 gektar maydonda 21 nafar yer egasi tomonidan 30–40 sotixdan “Gigant Sug‘diyona” navli mayizbop uzum ko‘chatlari ekilib, zamonaviy shpaler tizimlari o‘rnatilgan. Hozirgi kunda 2 ming 500 dan ortiq ko‘chatlar parvarish qilinayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yer maydonlaridan kompleks foydalanish maqsadida uzum qator oralig‘ida kartoshka, piyoz, sabzi va pomidor kabi sabzavot mahsulotlari yetishtirilayotgani, bu esa qisqa muddatda qo‘shimcha daromad olish imkonini berayotgani aytib o‘tildi.
Matbuot anjumanida mahallaning tajribali dehqonlari Jumaqul ota Tangriyev va Karima Razzoqovalar faoliyati alohida e’tirof etilib, ularning mehnatsevarligi va tashabbuskorligi boshqalarga ibrat bo‘layotgani qayd etildi.
Kelgusida “Qumkashon” mahallasida uzumchilikni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash, xususan mayiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Matbuot anjumani davomida sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilib, ommaviy axborot vositalari vakillari va ishtirokchilarning savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

