PRESS-RELIZ
2026-04-01 10:50:00 / Press-relizlar
Olot tumanida chigit ekish mavsumiga start berildi
Olot tumanida 2026-yil hosili uchun paxta chigitini ekish ishlari rasman boshlandi. Bahorgi dala ishlari doirasida fermer xo‘jaliklari tomonidan keng ko‘lamli agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 6 ming 850 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Rejaga asosan, har gektardan o‘rtacha 51,5 sentner hosil olish, yil yakunida esa 36 ming 181 tonna paxta yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Chigit ekish mavsumi oldidan “Sharq Yulduzi” hududidagi “Sanjar Jo‘rayev” fermer xo‘jaligida amaliy seminar tashkil etildi. Unda tuman hokimi Nargiza Nematova, sohaga mas’ul tashkilotlar vakillari, fermerlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminar davomida yerlarni ekishga tayyorlash, texnikalarni soz holatda saqlash, chigitni bir tekis undirib olish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi. Xususan, tomchilatib sug‘orish tizimlari va plyonka ostiga ekish usullarining samaradorligi alohida ta’kidlandi.
Ayni paytda tumandagi 214 ta fermer xo‘jaligi tomonidan “Xitoy-88”, “Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10” kabi istiqbolli paxta navlari plyonka ostiga ekilmoqda. Jarayonda zamonaviy seyalkalar jalb etilgan bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida tomchilatib sug‘orish shlanglarini yotqizish va maydonni plyonka bilan qoplash ishlarini ham bajaradi.
Ekish jarayonlariga 15 ta yuqori unumli maxsus texnika, jumladan, plyonka ostiga ekish agregatlari safarbar etilgan. Joriy yilda har bir gektarda 240 mingdan ortiq ko‘chat undirish vazifasi belgilangan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali ayrim maydonlarda hosildorlikni 60–70 sentnergacha yetkazish imkoniyati mavjud.
Seminar doirasida nuroniylar ham ishtirok etib, fermerlarga dehqonchilikka oid hayotiy tajriba va hikmatlarini ulashdi. Tadbir yakunida matbuot anjumani tashkil etilib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Olot tumanida chigit ekish mavsumining uyushqoqlik bilan olib borilishi yuqori hosil yetishtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

