Nargiza Nematova: "Yoshlar kelajagi doimo eʼtiborimizda.
2026-04-01 18:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Bugun “Kesakli” mahallasida joylashgan 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabida yoshlar taqdiri, ularning kelajakdagi yoʻli va kasb tanlashi masalalariga bagʻishlangan muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman hokimi Nargiza Nematova ishtirok etib, maktabning 9 va 11-sinf bitiruvchilari, taʼlim muassasalari rahbarlari, yoshlar yetakchilari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan ochiq muloqot olib bordi.
Bugungi kunda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, ularning har bir tashabbusi, gʻoyasi va takliflari jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham aynan yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
Uchrashuv davomida maktabdagi mavjud holat va natijalar tahlil qilindi. Jumladan, 11-sinfda 38 nafar oʻquvchi tahsil olayotgani, ulardan 7 nafari turli sertifikatlarga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, kurash sport turi boʻyicha viloyat chempioni Sevinch Mirzayeva kabi iqtidorli yoshlar borligi faxr bilan taʼkidlandi. Maktabda jami 470 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.
Avvalgi yillar natijalari ham tahlil qilinib, 42 nafar bitiruvchidan 22 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgani alohida eʼtirof etildi. Shu asosda 2026-yil bitiruvchilari — 38 nafar oʻquvchining kelajakdagi taqdiri va rejalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlarning kelajakda munosib kasb egallashi, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarni tanlashi va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, bugungi kunda yoshlar uchun kasb oʻrganish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va taʼlim olish borasida keng imkoniyatlar yaratilgani alohida qayd etildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ham muhim masalalardan biri sifatida koʻtarildi. Ularni qiziqish va iqtidorlariga qarab turli toʻgaraklarga jalb etish zarurligi taʼkidlandi. Shu jumladan, “Qizlar akademiyasi” doirasida qizlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, ularni kasbga yoʻnaltirish hamda hunar oʻrgatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ham alohida eʼtiborga sazovor. Tashabbuskor yoshlar uchun 20 million soʻmgacha grantlar ajratilishi, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida esa 50 million soʻmgacha imtiyozli kreditlar berilishi yoshlar uchun katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.
Taʼlim va maʼnaviyat masalasi ham uchrashuv markazida boʻldi. Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, muntazam oʻqish va oʻz ustida ishlash yoshlar muvaffaqiyatining muhim omili sifatida koʻrsatildi. Shu bilan birga, xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini bilish bugungi globallashuv davrida katta ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Shuningdek, oʻquvchilar uchun toʻquvchilik, payvandlash, elektromontyorlik kabi kasblar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar tashkil etilgani, quyosh panellariga xizmat koʻrsatish kabi zamonaviy yoʻnalishlar ham joriy etilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida ota-onalar bilan ham ochiq muloqot oʻtkazildi. Farzand tarbiyasi, telefon va internetdan foydalanish madaniyati, kiberjinoyatlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, zamonaviy kasblarga oʻrgatish, xususan dasturchilik, tadbirkorlik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, issiqxona va bogʻdorchilik orqali daromad topish imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi.
Eʼtiborlisi, tumanda sitrus mevalar — limon, apelsin, mandarin va hatto banan yetishtirilayotgani ham qayd etilib, mehnat qilgan inson hech qachon kam boʻlmasligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida yoshlarga oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash, yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan yetuk mutaxassis boʻlib yetishish zarurligi uqtirildi.
Uchrashuv soʼngida faol va tashabbuskor yoshlar taqdirlandilar.

