Olot tumani hokimligi faoliyatiga oid hisoboti I-chorak
2026-04-06 09:10:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ma'lumotlar
Ma’lumki, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi eng xavfli illatlardan biri bo‘lib, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi.
Shu bois, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada Olot tumani hokimligi tomonidan ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezident Farmon va Qarorlari, shuningdek, Buxoro viloyati hokimining tegishli topshiriqlari asosida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan:
1. Tizimli nazorat va ochiqlikni ta’minlash yo‘nalishida.
Tuman hokimligi tizimidagi barcha tashkilot va muassasalarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tizimi” yo‘lga qo‘yilgan. Har bir bo‘lim va korxonada mas’ul xodimlar belgilangan bo‘lib, ular faoliyati tuman hokimligi huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmasi tomonidan muntazam nazorat qilinmoqda.
Davlat xaridlari, yer ajratish, subsidiya va ijtimoiy yordam jarayonlari ochiq elektron platformalar orqali amalga oshirilmoqda. 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 80 foizdan ortiq xarid jarayonlari “E-auksion” va “Xarid.uz” portallari orqali o‘tkazildi.
2. Profilaktika va tushuntirish ishlari.
Korrupsiyaning oldini olish maqsadida har oyda sektor rahbarlari, maktab, maktabgacha ta`lim, tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazilib, qonun talablarining ijrosi yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda. Shuningdek, tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organlari va viloyat hokimligi Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat shu’basi bilan hamkorligida tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, “mahalla yettiligi” xodimlari ishtirokida “Halollik darslari” doirasida uch marotaba seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Shuningdek, 2026-yilning o‘tgan 3 oyi davomida tumandagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, mahalla tizimi va boshqa sohalarda 10 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi. Xodimlar va fuqarolar o‘rtasida “Halollik vaksinasi” mavzusida muntazam suhbatlar o‘tkazilib, fuqarolarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusi doimiy muhokamada bo‘ldi.
Ommaviy axborot vositalari orqali 10 dan ortiq huquqiy-targ‘ibot ishlari, xususan, 1 marta televideniye va radio, 2 marotaba gazeta va jurnallarda hamda
6 marotaba tuman hokimligining rasmiy telegram sahifasida orqali keng yoritildi.
Tuman hokimligi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda davlat siyosatiga oid axborotlarning doimiy berib borilishi natijasida aholining davlat organlariga nisbatan ishonchi ortmoqda.
3. Fuqarolik nazoratini kuchaytirish.
Tuman aholisi va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni”, xalq qabulxonasi va onlayn murojaatlar tizimi faol ishlamoqda.
Shuningdek, hokimlikning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari orqali anonim shikoyat va takliflarni qabul qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Tuman hokimligiga joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida korrupsiya faktlari yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan hamda shu maqsadda tashkil etilgan aloqa kanallarida ham onlayn murojaatlar qayd etilmagan.
Shuningdek, korrupsiya holatlari kuzatilmagan.
4. Kadrlar halolligini oshirish va xizmat intizomini mustahkamlash.
Tuman hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha xodimlar tuman hokimligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlari bilan muntazam tanishtirib borilmoqda.
Tuman hokimining o‘rinbosarlari va mutaxassislari uchun ish reja, reglament, vazifalar taqsimoti ishlab chiqilib, mazkur hujjatlar bilan tanishtirilgan hamda ushbu hujjatlar asosida ishlar olib borilmoqda.
Tuman hokimligi boshqaruv apparatida barcha xodimlar manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalangan va tartibga solingan.
Tuman hokimligi apparati boshqaruv lavozimlari bo‘yicha xavf-xatarlarni baholash amalga oshirilgan. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baxolash yuzasidan apparat tashkiliy strukturaviy tuzilmasi belgilab olingan.
Tuman hokimligi tarkibidagi barcha bo‘limlar faoliyati muntazam ravishda ichki audit va nazoratdan o‘tkazilib, hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida elektron hujjat aylanish tizimi joriy etilgan.
Tuman hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha barcha xodimlar mustaqil ta’limda maxsus o‘quv seminar-treninglarga jalb qilingan.
Hisobot davrida tuman hokimligida yangidan ishga qabul qilingan 1 nafar xodim korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy va 7 nafar xodimlar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mavzusidagi maxsus masofaviy o‘quvlardan o‘tkazildi.
Kadrlarni tanlashda “ochiq tanlov” tamoyili asosida, 2026-yilning o‘tgan davrida 3 ta lavozimga halol va malakali mutaxassislar qabul qilindi.
5. Kelgusidagi rejalar:
Tuman hokimligi tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda ishlar davom ettiriladi:
· raqamlashtirishni yanada kengaytirish;
· davlat xizmatlarini soddalashtirish;
· halollik muhitini ta’minlovchi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
· davlat xizmatchilarida mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish va xalqning davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan ishonchini oshirish, ijobiy fikrni shakllantirish hamda ushbu yo‘nalishda jamoatchilik bilan hamkorlik qilish;
· aholi va yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish.
Xulosa o‘rnida:
Olot tumani hokimligi bu yo‘lda ochiqlik, halollik va qonuniylik tamoyillariga amal qilgan holda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – faqat davlat organlarining emas, balki har bir fuqaroning ham burchidir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz”.
Fuqarolardan ham korrupsiyaviy holatlar yoki shubhali vaziyatlarga guvoh bo‘lgan taqdiringizda, bu haqda bevosita tuman hokimligiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz.

Olot tumani hokimligi boshqaruv apparati tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari,
korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmasi rahbari Hasan Norsaidov
