Kelajakni mardlar, tarixni g‘oliblar yaratadi
2026-01-12 10:50:00 / Yangiliklar

Mazkur darsning asosiy maqsadi o‘quvchilar qalbida Vatanga bo‘lgan chuqur muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Mashg‘ulot davomida Vatan tushunchasining mazmun-mohiyati, uning muqaddasligi, xalqimizning boy va shonli tarixi, asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar hamda bugungi tinch va osoyishta hayotning beqiyos ahamiyati haqida atroflicha fikr almashildi.
Dars jarayonida o‘quvchilar o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etib, Vatan ravnaqi yo‘lida har bir insonning o‘rni beqiyos ekanini angladilar. Ayniqsa, yoshlarning o‘zini jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi, yurt taqdiriga daxldor mas’ul shaxs sifatida his etishlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘quvchilarga kundalik hayotda, ta’lim jarayonida bilim olish, odob-axloqqa rioya qilish, yurtga munosib farzand bo‘lib kamol topish orqali ham Vatanga xizmat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida ajdodlarimizning mardlik va jasoratga boy hayot yo‘li, yurt ozodligi va ravnaqi yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklari haqida misollar keltirildi. Bugungi tinch hayotimizni asrab-avaylab, yurtimiz sarhadlari va osoyishtaligini himoya qilayotgan harbiylar hamda tinchlik posbonlarining fidokorona mehnati haqida so‘z yuritildi. Bu esa o‘quvchilarda chuqur shukronalik hissi, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Dars jarayonida mardlik, jasorat, qat’iyat va g‘alabaga ishonch kabi fazilatlar inson hayotida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. O‘quvchilarga tarixni aynan jasur, maqsadiga sodiq va yurt manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ya oladigan insonlar yaratishi haqida hayotiy misollar orqali tushuncha berildi.
Xulosa qilib aytganda, “Kelajak soati” doirasida o‘tkazilgan ushbu dars nafaqat bilim berishga, balki yosh avlodni Vatanga sadoqat, mardlik, jasorat, tinchlikparvarlik va yuksak fuqarolik mas’uliyati ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi. Bunday mashg‘ulotlar kelajakda yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qiladigan, ongli va faol fuqarolarni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.









