Texnikum va ishlab chiqarish uzviy bog`lash — malakali kadrlar tayyorlashning muhim omili.
2026-01-08 11:25:00 / Yangiliklar

Bu borada Olot tumani texnikumi faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Mazkur texnikum 810 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda 52 nafar tajribali o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari tomonidan 624 nafar o‘quvchiga ta’lim berilmoqda. Ta’lim jarayonlari 7 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilar zamonaviy kasblar bo‘yicha nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni ham puxta egallamoqda.
Kasbiy ta’limni ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirish maqsadida Olot tumani hokimi o‘rinbosarlari Jamil Alloqov va Ma’ruf O‘rinboyevlar tumandagi yirik sanoat korxonalari — “Mergan Teks” klasteriga qarashli "Shoyigul" to‘quv fabrikasi hamda “OLOT SPINNER” MCHJ faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif davomida texnikum ma’muriyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, mazkur korxonalarda o‘quv-amaliyot xonalarini tayyorlash va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, o‘quvchilarning bevosita ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bozoriga tayyor holda kirib borishiga, o‘z kasbini mukammal egallashiga xizmat qiladi.
Umuman olganda, texnikum va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish orqali yoshlarni kasbga tayyorlash bugungi kunda dolzarb vazifa bo‘lib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa kelajakda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shadigan malakali kadrlar yetishib chiqishiga mustahkam zamin yaratadi.








