RASMIY MUNOSABAT
2026-01-17 10:55:00 / Rasmiy munosabat

Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi va quyidagilar maʼlum boʻldi.
Videolavhalarda aks etgan fuqaro Yuvmutov Shuxrat Himmatovich Olot tumani Soinqorovul mahallasida istiqomat qiladi. Fuqaro tuman hokimligi tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlangan. Shuningdek, elektr taʼminoti bilan bogʻliq holatlarda uning opasi Yuvmutova Feruza Himmatovna nomiga rasmiylashtirilgan tadbirkorlik faoliyatiga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, Yuvmutov Shuxrat Himmatovich tuman hokimligi koʻmagida 3-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti filialiga ishga joylashtirilgani va maʼlum sabablarga koʻra ishdan boʻshatilganligi maʼlum qilinadi.
Shu oʻrinda maʼlum qilinadiki, Yuvmutov Shuxrat Himmatovichga tuman hokimligi koʻmagida 3-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti filialining binosida boʻsh turgan xonadan vaqtincha foydalanish uchun joy ajratib berilgan. Mazkur holat tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan boʻlib, ushbu xona boʻyicha ijara shartnomasi rasmiylashtirilmagan.
Videolavhalarda tasvirlangan shaxs aslida tadbirkor emasligi, tadbirkorlik faoliyati doirasida olingan imtiyozli kreditlar Yuvmutova Feruza Himmatovna nomiga rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Xususan, AT "Xalq banki" Buxoro viloyati Olot filiali bilan 2021-yil 8-iyunda tuzilgan 1133-sonli kredit shartnomaga asosan non mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 35 million soʻm miqdorida kredit ajratilgan. Mazkur kredit mablagʻlari hisobidan non pishirish pechi va xamir qorish uskunasi (mishalka) sotib olinishi belgilangan boʻlsa-da, xamir qorish uskunasi sotib yuborilgan hamda mablagʻ shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan. Non pishirish pechining nosoz holatga kelib qolishi natijasida tadbirkorlik faoliyati yuritilmagan va kredit shartnomasi shartlariga muvofiq toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.
Mazkur holat sababli bank tomonidan 2021-yil dekabr oyida Qorakoʻl tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritilgan va sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Ijro harakatlari davomida non pishirish pechi nosoz holatda olib kelinib sotilgan va 4 million 509 537,90 soʻm miqdoridagi qarzdorlik qoplangan, qolgan qismi sugʻurta hisobidan yopilgan. Natijada kredit qarzdorligi toʻliq bartaraf etilgan.
Shuningdek, bank xodimi Jumayev Oʻktam plastik kartasiga hech qanday mablagʻ oʻtkazilmagani, faqat xalqaro pul oʻtkazmalari orqali kelib tushgan 250 AQSh dollari kredit qarzdorligini qoplash maqsadida Yuvmutov Shuxrat Himmatovichning hisob raqamiga oʻtkazilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, fuqaroning opasi Yuvmutova Feruza Himmatovna tomonidan 2024-yil 22-iyul kuni №185-sonli kredit shartnomaga asosan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 36 oy muddatga, 6 oy imtiyozli davr bilan 50 million soʻm miqdorida kredit olingan. Ushbu kredit mablagʻlari hisobidan sotib olingan uskunalar ukasi Yuvmutov Shuxratga topshirilgan, biroq u tomonidan tadbirkorlik faoliyati yuritilmagan hamda uskunalar shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatilgan xolos.
Kredit majburiyatlari bajarilmagani sababli 2025-yil 13-mart kuni sudga daʼvo arizasi kiritilgan va sudning 2025-yil 12-maydagi hal qiluv qaroriga asosan ijro harakatlari boshlangan. Natijada non pishirish pechi xatlanib sotuvga yoʻnaltirilib 2 032 438,10 soʻmga sotilib mablagʻ bank hisob raqamiga oʻtkazilgan.
Hozirgi kunda Yuvmutova Feruza Himmatovna nomida 26 427 000 soʻm miqdorida kredit qarzdorligi mavjud boʻlib, ijro harakatlari davom ettirilmoqda va kafillar hisobidan qoplab kelinmoqda.
Shu bilan birga, fuqaroning kelgusida tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagi mavjud boʻlsa, belgilangan tartibda qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqilishi, shuningdek sogʻligʻi bilan bogʻliq holatlar tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan nazoratga olingani maʼlum qilinadi. Mazkur holat yuzasidan xulosa chiqarishda masalaga bir tomonlama yondashmaslik, barcha holatlar va hujjatlar asosida xolis baho berish lozimligini eslatib o`tiladi.
