Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida Yangi yilni munosib kutib olish, bayramga yuqori darajada hozirlik ko‘rish, aholiga quvnoq bayram kayfiyatini ulashish uchun tayyorgarlik ishlari qizg‘in.
2025-12-21 12:55:00 / Yangiliklar

Xususan, viloyat rahbari Olot tumanida bo‘lib, tuman markazida o‘rnatilgan bayram archasini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda tuman mas’ullari ishtirokida Yangi yil bayramini o‘tkazish yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi. Aholiga ko‘tarinki bayram kayfiyatini ulashuvchi dasturlar va dekoratsiyalarni yaratish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, sifatli xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi Olot dehqon bozorida bo‘ldi. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida xaridorlarni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik holati ko‘zdan kechirildi.
Mahsulotlar sifati va savdo jarayonlarining tartibli tashkil etilgani ta’kidlandi.
Bozor hududida joylashgan maydonda buyum bozori tashkil etish masalalari muhokama qilinib, ushbu loyiha aholi uchun qulaylik yaratishi, savdo madaniyatini yanada rivojlantirishi qayd etildi va mutasaddilarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.








