Olot tuman hokimi Nargiza Nematovaning “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi
2025-11-09 07:35:00 / Tabriklar

Bugungi kunda xalqimiz salomatligini asrash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatingiz yurtimiz ravnaqi va kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Olot tuman tibbiyot birlashmasi tizimida bugungi kunda 145 nafar shifokor va 1 ming 95 nafar o‘rta tibbiyot xodimi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Sizlarning mas’uliyatli va sadoqatli mehnatingiz tufayli tuman aholisi endilikda o‘z joyida sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanmoqda.
Shuningdek, tumanimizda so‘nggi yillarda tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2 milliard 200 million so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar kasalxonamizga olib kelindi.
“Ochiq byudjet” loyihasi doirasida esa 1,3 milliard so‘mga OITS laboratoriyasi binosi qurilishi yakunlanish arafasida. Shuningdek, 1,5 milliard so‘m evaziga markaziy shifoxonaning ichki yo‘llari va fasad qismini yangilash ishlari amalga oshiriladi.
Bu kabi islohotlar tumanimizda tibbiyot sohasining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Hurmatli shifokorlar!
Sizlar – inson hayoti va sog‘lig‘i yo‘lida jonini ayamaydigan, eng oliyjanob kasb egalari ekansiz. Har bir bemorga umid, mehr va ishonch baxsh etayotgan sizlarning mehnatingiz uchun barchamiz minnatdormiz.
Darhaqiqat, inson sog‘lig‘ini asrash — eng katta savobli va mas’uliyatli ishdir. Sizning fidoyiligingiz, yuksak bilim va insoniy fazilatlaringiz tufayli jamiyatimizda sog‘lom avlod voyaga yetmoqda.
Shu o‘rinda sizlarga — aziz tibbiyot fidoyilariga — mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, kasbiy faoliyatingizda yangi zafarlar tilayman.
Sizlarning mehnatingiz doimo e’tirofda, xalqimiz ardog‘ida bo‘lsin!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Olot tumani hokimi
Nargiza Nematova
