Uch tomonlama hamkorlik kengaymoqda
2024-03-01 19:45:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Xitoy Xalq Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining muhim iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi.
Mamlakatimizning Xitoy va Qirg‘iziston bilan tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga o‘sib bormoqda.
Xitoy va qirg‘izistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida salmoqli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasi mintaqamizni Xitoy bilan bog‘laydigan eng qisqa muqobil yo‘l ekani qayd etildi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo‘shma korxona tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston tomoni, Xitoydan Qirg‘iziston va mamlakatimiz hududi orqali multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
Shuningdek, “Irkeshtom” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishga kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlar joriy yilda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasini qurish yuzasidan amaliy ishlarni boshlash muhimligini qayd etdi.
Uch tomonlama muzokaralardan so‘ng, delegatsiyalar rahbarlari “Ulug‘chat” bojxona terminali va “Irkeshtom” nazora-o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Umuman, O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Qashg‘ar iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishildi, bir qator yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.